Required

NEXUS30 HACKATHONIDA ISHTIROK ETISH BO‘YICHA INDIVIDUAL OFERTA VA AKSEPT (ISHTIROKCHI ROZILIGI)

2026-yil 14–16-avgust, Toshkent shahri, School 21

v1.0 · 2026-08-14

1. TOMONLAR VA OFERTANING PREDMETI

OOO NEXT US (keyingi o‘rinlarda — Tashkilotchi) mazkur individual ofertani nexus30.uz orqali ro‘yxatdan o‘tgan va NEXUS30 administratori hamda tashkilotchilari tomonidan Hackathonda ishtiroki tasdiqlangan shaxsga (keyingi o‘rinlarda — Ishtirokchi) taqdim etadi.

Mazkur oferta Ishtirokchining 2026-yil 14–16-avgust kunlari Toshkent shahri, School 21 hududida o‘tkaziladigan NEXUS30 — hackathonida mazkur hujjat va Hackathon Nizomi shartlari asosida ishtirok etishini tartibga soladi.

Mazkur hujjatni Ishtirokchi tomonidan elektron tarzda tasdiqlanishi ofertaning to‘liq va pisandasiz aksepti, Hackathon Nizomi bilan tanishganligi va undagi shartlarga rozilik bildirganligi hisoblanadi.

2. ISHTIROK ETISH SHARTLARI

Ishtirokchi 16 yoshdan katta bo‘lishi va NEXUS30 tashkilotchilari tomonidan tasdiqlangan ishtirokchi bo‘lishi kerak.

Jamoa 3 nafar a’zodan iborat bo‘ladi. Jamoaning 1 nafar a’zosi imkoniyati bo‘lmagan holatda masofadan turib qatnashishi mumkin; u aynan shu 3 nafar a’zodan biri bo‘lishi lozim.

Ishtirok etish bepul.

3. HACKATHON NIZOMI VA SCHOOL 21 QOIDALARIGA RIOYA QILISH

Ishtirokchi NEXUS30 Hackathon Nizomi bilan tanishganligini va uning talablariga rioya qilish majburiyatini olganligini tasdiqlaydi.

Ishtirokchi School 21 hududida bo‘lgan vaqtida School 21ning ichki tartib va xavfsizlik qoidalariga rioya qilish majburiyatini oladi.

Hackathon kunlari Ishtirokchining School 21 hududida soat 21:00 gacha qolishiga ruxsat beriladi. Soat 21:00 dan keyin hududda qolishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ishtirokchi School 21 hududidagi bino, xonalar, mebel, kompyuter va texnik qurilmalar, inventar, jihozlar hamda boshqa mol-mulkka ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish majburiyatini oladi.

Ishtirokchining aybli harakati yoki harakatsizligi natijasida School 21, NEXUS30 tashkilotchilari, rasmiy hamkorlar yoki uchinchi shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazilgan taqdirda, Ishtirokchi yetkazilgan zararni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda qoplash majburiyatini qabul qiladi.

Agar Ishtirokchi voyaga yetmagan bo‘lsa, yetkazilgan zarar uchun javobgarlik va uni qoplash masalasi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida voyaga yetmaganlarning javobgarligiga oid belgilangan tartibda hal etilishini tushunadi va qabul qiladi.

4. OVQATLANISH SHARTLARI

Ishtirokchi Tashkilotchi tomonidan nonushta, tushlik va kechki ovqat taqdim etilmasligi haqida xabardor.

Ishtirokchi tadbir davomida o‘z ovqatlanishini mustaqil ravishda tashkil etadi.

5. LOYIHA VA INTELLEKTUAL MULK

Ishtirokchi o‘zi va jamoasi tomonidan Hackathon doirasida yaratilgan loyihaning mualliflik huquqlari, qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, tegishli mualliflarga tegishli bo‘lishini tushunadi.

Ishtirokchi taqdim etayotgan loyiha, kod, dizayn, media, ma’lumotlar va boshqa materiallardan foydalanishda uchinchi shaxslarning intellektual mulk huquqlarini buzmaslik majburiyatini oladi.

Ishtirokchi Tashkilotchiga Hackathonni yoritish, hisobot, media, reklama va portfolio maqsadlarida loyiha nomi, qisqa tavsifi, taqdimot materiallari, demo jarayoni va natijalarini namoyish etishga rozilik beradi. Mazkur rozilik loyiha mualliflik huquqining Tashkilotchiga o‘tishini anglatmaydi.

6. SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLARGA ISHLOV BERISHGA ROZILIK

Ishtirokchi nexus30.uz orqali hamda Hackathon jarayonida o‘zi taqdim etgan shaxsga doir ma’lumotlarga NEXUS30ni tashkil etish va o‘tkazish maqsadlarida ishlov berilishiga rozilik bildiradi.

Mazkur ishlov berish ro‘yxatdan o‘tkazish, ishtirokni tasdiqlash, tashkiliy aloqa, ishtirokchilar ro‘yxatini yuritish, tadbir natijalarini rasmiylashtirish, sertifikat va tegishli tashkiliy jarayonlarni amalga oshirish maqsadlarini qamrab oladi.

Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

Ishtirokchi shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga bergan roziligini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda chaqirib olish huquqiga ega.

7. FOTO, VIDEO VA AUDIO MATERIALLARDAN FOYDALANISHGA ROZILIK

Ishtirokchi Hackathon davomida o‘zining foto, video va audio tasvirga olinishi mumkinligidan xabardor va bunga rozilik bildiradi.

Ishtirokchi o‘zining Hackathon davomida olingan foto, video va audio materiallaridan NEXUS30, OOO NEXT US va Hackathonning rasmiy hamkorlari tomonidan tadbirni yoritish, ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar, media materiallari, hisobotlar, taqdimotlar, reklama va portfolio materiallarida foydalanilishiga rozilik beradi.

Mazkur rozilik Hackathon bilan bog‘liq axborot va kommunikatsiya maqsadlarida, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida amalga oshiriladi.

8. BAHOLASH VA TASHKILOTCHILAR QARORLARI

Ishtirokchi loyihalar Nizomda belgilangan 100 ballik tizim va 4 ta mezon asosida baholanishiga rozilik bildiradi.

Yakuniy ballar teng kelgan taqdirda Tashkilotchilar tegishli jamoalarning MVPsi va dastur kodini qo‘shimcha tekshirishi va ushbu tekshiruv natijasini inobatga olgan holda yakuniy natijani belgilashi mumkin.

Ishtirokchi Nizom talablarini jiddiy buzgan, plagiatga yo‘l qo‘ygan, tadbir jarayoniga ataylab xalaqit bergan, School 21 ichki qoidalarini buzgan yoki School 21 yoxud boshqa shaxslarga tegishli mol-mulkka qasddan zarar yetkazgan holatda Tashkilotchilar tomonidan diskvalifikatsiya qilinishi mumkinligini qabul qiladi.

9. SOVRIN VA IMKONIYATLAR

Ishtirokchi Hackathon Nizomida nazarda tutilgan sovrinlar va hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishganligini tasdiqlaydi.

  • 1-o‘rin — Render 500 AQSh dollari krediti; Neon jamoaning har bir a’zosiga 500 AQSh dollari krediti; n8n 1 yillik bepul obuna; Make.com 480 000 operatsiya limiti; Click maxsus merch.
  • 2-o‘rin — Render 300 AQSh dollari krediti; Click maxsus merch.
  • 3-o‘rin — Render 100 AQSh dollari krediti; Click maxsus merch.
  • Barcha ishtirokchilar — Render 50 AQSh dollari krediti, Linear 3 oylik obuna, maxsus sertifikat va Yandex Cloud 160 AQSh dollari krediti.

TOP-10 loyihalar Notion startup dasturi doirasida 6 oylik biznes obunasi va HubSpot startup dasturi doirasida 5 000 AQSh dollarigacha kredit olish imkoniyatiga yo‘naltiriladi.

10. VOYAGA YETMAGAN ISHTIROKCHI

Agar Ishtirokchi 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, mazkur oferta va rozilik uning ota-onasi, farzandlikka oluvchisi yoki homiysi tomonidan ham tasdiqlanishi lozim.

Qonuniy vakil rozilik berish orqali voyaga yetmagan Ishtirokchining Hackathonda qatnashishiga, mazkur hujjat shartlarini qabul qilishiga, shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilishiga hamda foto, video va audio materiallardan ushbu hujjatda ko‘rsatilgan maqsadlarda foydalanilishiga rozilik bildiradi.

11. BAHSLI MASALALAR

Mazkur oferta, Hackathon Nizomi yoki Hackathonda ishtirok etish bilan bog‘liq bahsli masalalar avvalo NEXUS30 tashkilotchilari bilan muzokara va murojaat tartibida ko‘rib chiqiladi.

Hal etilmagan masalalar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq hal etiladi.

12. AKSEPT VA YAKUNIY TASDIQ

Ishtirokchi mazkur hujjatni tasdiqlashdan oldin uning mazmunini o‘qib chiqqanligini, shartlar tushunarli ekanligini va ularni ixtiyoriy ravishda qabul qilayotganligini tasdiqlaydi.

Mazkur hujjat Ishtirokchi tomonidan nexus30.uz saytida elektron tarzda tasdiqlangan paytdan boshlab aksept qilingan hisoblanadi. Aksept sanasi va vaqti tizimda qayd etiladi.

TASHKILOTCHI

OOO NEXT US. Direktor: Zikrullaxojayev Sa'dullaxon Komoliddin o‘g‘li.

HUQUQIY ASOS

  • O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining oferta va akseptga, shuningdek zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlarga oid qoidalari;
  • O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonuni;
  • O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonuni.

Mazkur oferta o‘zbek va rus tillarida taqdim etiladi. Matnlar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan taqdirda o‘zbek tilidagi versiya ustuvor hisoblanadi.